Fan va Din 10-sinf din tarixi - darsliklaruz.blogspot.com

Fan va Din - darsliklaruz.blogspot.com

Fan va din har doim o'zaro yaqin munosabatda bo'lib kelgan. Tarixda ularning munosabati turli shakllarda namoyon bo'lgan. Qadimgi Yunonistonda Suqrot, Alfotun, Arastu uchun fan va din deyarli bir soha - falsafa bo'lib, u "Fizika" va "Metafizika" qismlarga bo'lingan. Keyinroq matematika, astronomiya va tibbiyot rivojlana boshlaganda ham fan va din o'zaro uyg'unligini saqlagan. Xuddi shunday munosabat konfutsiy, Forobiy, Ibn Sino, Alisher Navoiy va boshqa Sharq mutafakkirlari faoliyatida ham kuzatiladi.



Ellinizm va o'rta asr Sharqida fan va din bir-birini to'dirgan. Ular orasidagi ayrim kelishmovchiliklar murosasiz ixtilof darajasiga yetmagan. Sharqda fan va din mutanosibligi natijasida 15-asrgacha matematika, astronomiya, tibbiyot, kimyo va boshqa aniq va tabiiy fanlar yuuksaldi. 16-asrdan boshlab esa bu mintaqada ilm-fan, shuningdek, diniy ilmlar ham turg'unlik davrini boshdan kechirdi. Bu davrda fanning ma'rifiy mohiyatini chuqur anglamagan mutaassiblar sabab bo'ldi.
Yevropa Sharqdan falsafa va tabiiy fanlar estafetasini olib, 16-asrdan jadal rivojlanishni boshlagan bo'lsada, bu yerda fan mutaassib ruhoniylar tomonidan ta'qib qilindi. Fan va din tarixidagi bu munosabat ular o'rtasida murosasiz kurash davrini keltirib chiqaradi. Fan va san'atda Uyg'onish davrining, dinda esa katolitsizmning markaziga aylangan Italiyada bu qarama-qarshilik o'zining avj pardasiga chiqdi. Fan va adabiyot dinni yolg'onga chiqardi, nafaqat ruhoniylar, hatto Xudo ustidan pamflet (hajviy tanqid)lar yozildi.
Din ham fandagi deyarli har bir yangilikni kufrga yo'ydi. Reformizm (Lyuter, Kalvin, Erazm Rotterdamskiy) ta'sirida bu qarama-qarshilik nisbatan tinchroq jabha - g'oyalar kurashiga ko'chsa-da, lekin shiddatini susaytirmadi.
19-asrda paydo bo'lgan bir tarafdan "din - afyun", ikkinchi tarafdan "darvinning o'zi  maymundan tarqagan" kabi da'volar asorati hozirgi kunda ham seziladi. Fan va din o'rtasidagi kurashga siyosatning aralashuvi bir qancha fojialar keltirib chiqardi. Ayniqsa, hokimiyat "jangovar" ateistlar yoki teokratlar qo'liga o'tgan paytlarda o'rta asrlar jaholatidan qolishmaydigan zo'ravonlik qo'llanildi.
Insonlar majburiy ravishda dindan chiqarildi, dinning soxta ta'limot, jamiyat uchun zararli ekanini targ'ib qilish ishlari keng olib borildi. "Ilmiy ateizm" nomli fanto'qib chiqarilib, barcha ta'lim muassasalarida o'qitildi. Mazkur g'oyani qabul qilishni istamaganlar esa turli ayblovlar bilan jazoga tortildi.
Tarix kitoblari qayta yozilib, dinning yuzaga kelishida biryoqlama yondashildi, aynan shu manbalarda "din va fan dushmandir", degan go'ya aholiga maktabdanoq singdira boshlandi.
Fan va din uyg'unligi tarafdorlari, ko'pincha, fan arboblari tomonidan ham, noxolis ruhoniylar tarafidan ham qarshilikka uchragan. Ba'zan og'ir ayblar bilan ta'qib qilingan.









  

Комментарии